Er va Hotin nikohdan ajratishda qanday farzandlarni ota qaramog’ida qoldirish mumkin?

Er va Hotin nikohdan ajratishda qanday farzandlarni ota qaramog’ida qoldirish mumkin?

Savol: Assalomu alaykum, quyudagi savolimga javob bersangiz. Er-xotin ajrashish jarayonida qanday qilib ikkala farzandni ham ota tomonga hal qilish mumkin? (Farzandlarning kattasi uch yosh, kichigi bir yosh). Javobingiz uchun rahmat.


Javob: O’zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga ko’ra nikohdan ajralish ishlari fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarida (FHDYO) yoki er yoki xotindan birining da’vo arizasi bilan fuqarolik sudlarida ko’rib chiqiladi. Agar er va xotin o’rtasida voyaga yetmagan farzandlar  hamda mulkka oid da’volar bolmasa, ular  FHDYO da nikohni bekor qilishi mumkin. Biroq sizning savolingizga ko’ra, er va xotin o’rtasida ikki nafar voyaga yetmagan farzand borligi uchun bu ish, albatta, sudda ko’riladi.


Da’vo arizasi kim tomonidan berilishiga qarab sud joylashgan tuman tanlanadi. Masalan, agar xotin nikohni bekor qilish bo’yicha da’vo qilayotgan bo’lsa, unda da’vo arizasi turmush o’rtog’i doimiy ro’yxatda turadigan manzilga qarab fuqarolik ishlari bo’yicha tumanlararo sudga topshiriladi.


O’zbekiston Respublikasi Oila Kodeksi 44-moddasi 2-qismiga ko’ra, sudlar nikohdan ajratishga oid ishlarni ko’rishda ajrashayotgan er-xotinlarning voyaga yetmagan farzandlarining huquq va manfaatlarini himoya qilish choralarini ko’rishlarini kerak. Shuning uchun sudlar er va xotin nikohdan ajrashgan taqdirda, o’rtalaridagi farzandlarini ta’minlash va tarbiyalash haqida o’zaro kelishuvga kelgan-kelmaganligini aniqlashi shart. Agar er-xotin bunday kelishuvga kelmagan bo’lsa, sudya bolalar ota-onaning qaysi birida qolishi va ularning ta’minoti uchun nafaqa undirish masalasini hal qilishi lozim.


Demak, sudga ariza bilan murojaat qilayotganda er-xotin farzandlari kimda qolishini kelishib olishlari mumkin yoki arizada taraflardan biri farzandi o’zi bilan qolishini talab qila oladi. Farzandlar kimning qaramog’ida qolsa, ikkinchi taraf, ya’ni farzandlarini o’z qaramog’ida qoldirmagan taraf bolalar voyaga yetgunlariga qadar  bolalar ta’minoti uchun nafaqa to’laydi. Nafaqa miqdorini farzandlar soniga qarab sud belgilaydi.


Amaldagi qonun hujjatlariga ko’ra, farzandlar 10 yoshga yetgan bo’lsa, ota-onasidan qay biri bilan qolishni sud ulardan so’raydi va farzandlar fikrini inobatga oladi.


Agar farzand qaramog’iga olgan taraf qo’l ostida yaxshi qarov ko’rmasa, ikkinchi taraf farzand tarbiyasini o’z qo’liga olishni so’rab sudga qayta murojaat qilishi mumkin.


Oila Kodeksining 39-moddasiga ko’ra xotinining homiladorlik vaqtida va bola tug’ilgandan keyin bir yil mobaynida er xotinining roziligisiz nikohdan ajratish to’g’risida ish qo’zg’atishga haqli emas. Agar nikohdan ajratishni so’rab murojaat qilayotgan taraf ota tomon bo’lsa, ikkinchi farzandning aniq bir yoshdan oshishini kutishi kerak.


Farzandlarni ota qaramog’ida qoldirish uchun aynan nima sabablarga ko’ra bu talab qilinayotgani ishonarli va asoslantirilgan holda da’vo arizasida yozilishi kerak. Sud jarayonida esa da’vogar bu asoslarni isbotlab berishi talab etiladi. Masalan, onaning farzandlar tarbiyasi bilan shug’ullanmasligi; farzandlarni yetarli darajada parvarish qila olmasligi; onaning axloqiy buzuqligi; farzandlar tarbiyasi bilan shug’ullanishni sog’ligi ko’tara olmasligi kabi holatlar isbotlansa, sud farzandlarni ota bilan qolishi haqida hal qiluv qarori chiqarishi mumkin.

0 Комментарии

Комментариев нет